Markaziy Osiyo xalqaro institutida Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi doktor Tilo Klinner bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Prezidentining pragmatik va mutanosib tashqi siyosati o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib, mintaqada barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoit yaratayotganini ta’kidladi. Bunday yondashuv samarasi o‘laroq, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Mintaqaviy hamkorlik masalasini muhokama qilish chog‘ida tomonlar “MO+GFR” formati doirasidagi sheriklik Germaniyaning mintaqa davlatlari bilan diplomatik aloqasini mustahkamlashda asosiy va muhim vositaga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ushbu jarayon siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda yangi istiqbol, imkoniyat ochishi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot, energetika va tabiiy resurslarni boshqarish, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik, iqlim va atrof-muhit masalasi, shuningdek fuqarolar o‘rtasida bevosita aloqani mustahkamlash hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi hamkorlikdan mamnunliklarini bildirib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va salbiy oqibatlarga moslashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakat muhimligini ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan Germaniya tomonidan taqdim etilgan tashabbus tomonlarning mintaqadagi iqlim o‘zgarishi muammosiga umumiy yondashuvini shakllantiradi.

Uchrashuv yakunida Tilo Klinner Germaniyaning Xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti (SWP) hamda Global va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (GIGA) kabi tahliliy tuzilmalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda MOXIga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA