O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevralda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2024 yil 1 martdan boshlab hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.

Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanmoqda. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilandi.

O‘zA