O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024-2025 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish uchun subsidiya ajratish tajribasi o‘tkaziladigan tumanlar ruyxati;

paxta maydonlarida tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

2024-2025 yillarda tajriba tariqasida subsidiya ajratiladigan yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi mezonlar inobatga olinmaydi:

yerdan foydalanuvchilarning tijorat banklari va soliqdan qarzdorligi mavjud emasligi;

yerdan foydalanuvchilarni soliq xavfining o‘rta va yuqori darajasiga kiritilmaganligi;

qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini yerdan foydalanuvchilarga mulk huquqi asosida tegishligi.

2024 yil 1 mayga qadar Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi grantlari hisobidan 6 500 gektarda ko‘rgazmali maydonlar tashkil etiladi.

Ko‘rgazmali maydonlarda qishloq xo‘jaligi mutaxassislari hamda yerdan foydalanuvchilar uchun tuproqni organik moddalar bilan boyitishga qaratilgan samarali agrotexnika tadbirlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminarlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur qarorga muvofiq 13 ta tumanda tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarilishi joyiga chiqqan holda doimiy monitoring qilib boriladi.

Qarorga muvofiq, geoaxborot tizimida tuproqning haydov qatlamidagi gumus miqdori bir foizdan kam bo‘lgan yer uchastkalarining konturlar kesimidagi elektron xaritasi shakllantiriladi.

2024-2025 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnika tadbirlari o‘tkazilgan yer uchastkalari hisobi yuritiladi.

O‘zA