Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov joriy yilning 19 – 22 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan “Texnologik innovatsiyalar va hamkorlik orqali oziq-ovqat xavfsizligini rivojlantirish” sammitida ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyati, mavjud imkoniyatlar, olib borilayotgan islohotlar hamda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan bilim va innovatsiyalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Ibrohim Abdurahmonov o‘z ma’ruzasida qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi muammolarini muvaffaqiyatli hal qilish uchun zamonaviy biotexnologiyalarni joriy etish va genomikaga oid yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish, genomika seleksiyalash va marker asosidagi seleksiya texnologiyalari hamda sintetik biologiyani keng rivojlantirish, zararkunandalar, kasalliklar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq og‘ir ekologik sharoitlarga chidamli ekin navlarini yaratish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, tuproq unumdorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan soha rivoji imkoniyatlariga oid bir qator takliflar ilgari surildi.

Xususan, vazir qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining importiga qo‘llaniladigan tariflarni maqbullashtirish, korrupsion omillarga qarshi kurashish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, milliy diyeta va nutritsiya bo‘yicha ma’lumotlarni aholiga yetkazish hamda transchegaraviy daryolarni qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuotining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish, islohotlarni chuqurlashtirish, raqobatbardosh, bozor va eksportga yo‘naltirilgan sifatli mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohaga ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga, tashkilotchilar va ishtirokchilar tomonidan shu kabi tadbirlarda O‘zbekistonning chiqishlarini ko‘paytirish hamda arab dunyosini mamlakatimiz salohiyati bilan yaqindan tanishtirish taklifi bildirildi.

Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov va “Abu Dhabi Food Hub” kompaniyasi direktori Suresh Vaidhyanatan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda ixtisoslashgan oziq-ovqat markazini tashkil etish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishga kelishildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA