O‘zbekiston-Gruziya: innovatsion tadbirkorlik cohasida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari

307

Bugun Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekiston va Gruziya ishbilarmonlari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va “Gruziya banki” AJ (Gruziya) hamkorligida tashkil etildi.

Unda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining biznes inkubator va startap markazi rahbari G‘afurjon Usmonov, USAIDning Gruziyadagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Georgiy Axalaya, Gruziya banki loyiha rahbari Oliko Nakashidze xonim, “ESKZ GLOBAL” kompaniyasi bosh direktori Adolfo Romero de Marselo va boshqalar O‘zbekiston va Gruziya davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash mamlakatimizda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalarga asoslangan sohalarni yanada qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, ikki davlat biznes doiralari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xorijiy davlatlarda istiqbolli innovatsion loyihalarni birgalikda yo‘lga qo‘yish, innovatsion biznes ekotizimini rivojlantirish, bank-moliya sohasiga raqamlashtirish hamda innovatsion yechimlarni jadal joriy etish masalalarida qizg‘in muloqot maydonini yaratib berdi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining biznes inkubator va startap markazi rahbari G‘afurjon Usmonovning qayd etishicha, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “O‘zbekiston –2030” strategiyasining qabul qilinishi va ularda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bu kabi sohalar rivojiga qo‘yilgan muhim huquqiy asoslardir.

–Bugun O‘zbekiston va Gruziya ishbilarmon doira vakillarining B2B formatida biznes muloqoti tashkil etildi. Bunda biz Gruziya delegatsiyasining innovatsion iqtisodiyotga qaratilgan kompaniyalari biznes namoyandalarini taklif etdik. Aytish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston aynan innovatsion iqtisodiyotni barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirmoqda. O‘z navbatida, juda ko‘p davlatlar ham innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda servis, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlar, tovarlar va xizmatlarga ko‘proq e’tibor bermoqda. Shu ma’noda Gruziya ham aynan servis sohalari, axborot-kommunikatsiya, moliya va ta’lim texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z o‘rniga ega davlat. Shuningdek, ushbu mamlakatning kompyuter texnologiyalari hamda sun’iy intellektdan foydalangan holda turli dasturiy ta’minotlar, mobil ilovalar yaratishda yaxshi tajribasi bor. Aynan O‘zbekistonda ham bu masalalar dolzarbligini inobatga olib, mazkur uchrashuvni o‘tkazdik. Qolaversa, bugungi uchrashuv ikki ishbilarmon doira vakillarining bir-biriga bo‘lgan qiziqishi katta ekanini yaqqol ko‘rsatdi, –dedi G‘.Usmonov.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Gruziya biznes delegatsiyasi vakillari biznes faoliyatlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.

“B2B” formatidagi uchrashuvlar orqali ikki tomon biznes vakillari o‘rtasida qizg‘in muloqot davom etdi. O‘zbekiston va Gruziya biznes doiralari tomonidan dasturiy ta’minot, moliyaviy texnologiyalarni qo‘llash, sanoat tarmoqlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi hamkorlik takliflari o‘zaro muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat tadbirkorlari kelgusida innovatsion iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan axborot texnologiyalari, dasturlash, moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, mashinalar texnologiyasi, elektron baza yaratish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA