Bugun Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” figital konsepsiya bo‘yicha xalqaro tadbir start oladi. Mazkur anjuman o‘z qamroviga ko‘ra, jismoniy va raqamli o‘lchovli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatdagi sport shousidir.

Tadbir 21 innovatsion fan (16 asosiy va 5 kengaytirilgan dastur) bo‘yicha o‘tkaziladi. Har bir fan “figital” (physical+digital), tushunchasini ifodalaydi, ya’ni jismoniy tarbiya va kiber sportni mujassamlashtiradi. Musobaqada kiber sport, robot texnikasi, kengaytirilgan va virtual reallik, axborot texnologiyasi va sun’iy intellekt sohalaridagi eng so‘nggi ishlanmalardan foydalaniladi.

107 mamlakatdan 2000 ga yaqin ishtirokchining mahoratini jami 150 milliondan ko‘proq tomoshabin kuzatib borishi mumkin.

“Kelajak o‘yinlari” o‘tadigan asosiy joy “Kazan Ekspo” ko‘rgazma majmuasidir.

3 martga qadar davom etadigan anjumanning mukofot jamg‘armasi 10 million dollar, turnir hamkorlari “Gazprom”, “Rossiya temir yo‘llari”, “Interros”, “Yota”, “VK Play”, “Sibur”, “Wildberries”, “Aeroflot” singari yirik brendlar.

“Kelajak o‘yinlari”ning tantanali ochilish marosimida RF Prezidenti bilan birga O‘zbekiston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston rahbarlari va yana bir qator davlatlar yuqori mansabdor shaxslari ishtirok etishi kutilyapti.

Go‘zal Sattorova, O‘zA