2025 yili o‘tkaziladigan IX qishki Osiyo o‘yinlariga Xitoyning Xarbin shahri mezbonlik qiladi.

Bu haqda Osiyo Olimpiya kengashi xabar tarqatdi. Unda aytilishicha, Osiyo Olimpiya kengashi hamda IX qishki Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Xitoy olimpiya qo‘mitasi bilan kelishgan holda o‘yinlar o‘tadigan sanalarni ham keng jamoatchilikka e’lon qildi.

Kelishuvga ko‘ra IX qishki Osiyo o‘yinlari kelgusi yilning 7-14 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, VIII qishki Osiyo o‘yinlariga 2017 yil Yaponiyaning Sapporo va Obihiro shaharlari mezbonlik qilgandi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA