Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida ilk bor “Kelajak o‘yinlari” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Aytish lozim, mazkur sport o‘yinlari jismoniy harakat va kibersportni birlashtiradi. G‘olib sportchilar jamoasi har ikki dasturdagi natijalar asosida aniqlanadi.
Qozon shahrida boshlangan “Kelajak o‘yinlari” bahslari 21 ta innovatsion yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilib, ularning 16 tasi asosiy va 5 tasi kengaytirilgan dasturni qamrab oladi.
Mamlakatimiz sportchilari “Kelajak o‘yinlari”da virtual velosport, sport dasturlashi, fijital-xokkey va fijital-poyga yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
O‘zbekistonlik sportchilar o‘yinlarning ilk kunida fijital-xokkey bahslarida o‘z omadini sinab ko‘rdi.
“Feniks” nomi bilan qatnashgan xokkeychilarimiz “Inter” klubi bilan bellashdi. Qarama-qarshilik avval kompyuter o‘yinidagi raqobatdan boshlandi. Unda hamyurtlarimiz 3:0 hisobida ustun keldi. Shundan so‘ng tomonlar muz maydonida bellashdi. Unda ham sportchilarimizning qo‘li baland keldi – 5:2. Umumiy hisob esa 8:2 ko‘rinishiga keldi. Shu tariqa, xokkeychilarimiz “Kelajak o‘yinlari”dagi guruh bosqichini g‘alaba bilan boshladi.
Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatda uyushtirilayotgan “Kelajak o‘yinlari”ning tantanali ochilish marosimi 21 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘yinlar 3 martga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA