Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.

Sog‘lig‘i, hayoti xavf ostida bo‘lgan, yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramog‘iga olish bo‘yicha “Ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi.

Tutingan oila maxsus sertifikatga ega 30 yoshga to‘lgan odamlar tomonidan tashkil etilib, unga 3-5 nafargacha bolalar qabul qilinadi.

Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich “g‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinadi. Ya’ni, og‘ir kasalligi bor bolalarga shu guruhlarda qarash orqali, ota-onalariga ishlashi uchun sharoit yaratib beriladi.

Ota-onasidan ayrilgan yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endilikda “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi (hozirda 18 yosh).

O‘zA