Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida Afg‘onistonda harbiy harakatlarning to‘xtatilganligiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan “Ulug‘laydi Vatan sizning nomingiz” shiori ostida ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga tumandagi 42-umumta’lim maktabida ta’lim olib, Afg‘onistonda harbiy harakatlarda ishtirok etgan urush faxriylari taklif qilindi. O‘tgan asrning 1989 yili aynan 15 fevral kuni sobiq ittifoq harbiy qo‘shinlarining oxirgi guruhi Afg‘onistonni tark etgan edi.

Maktab o‘quvchilari tomonidan sahna ko‘rinishlari, milliy ma’naviyatimizni tarannum etuvchi qo‘shiq va raqslar namoyish etildi. Tadbir mehmonlari tarixiy ko‘rgazmalar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O‘quvchilar tuman markazidagi Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Shuningdek, o‘sha qonli janglarda nogiron bo‘lib qaytgan Soliy Bazarbayev xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri