Donald Tramp Filadelfiyadagi konferensiyada 399 dollarlik oltin rangli oyoq kiyim brendini namoyish qildi. Cheklangan tartibda 1000 juft chiqarilgan bu krossovkalar o‘ziga xos tarzda raqamlangan. Orqa qismiga Qo‘shma Shtatlar bayrog‘i, yon tomoniga “T” harfi tushirilgan. Sobiq prezident ushbu loyihani 13 yildan beri o‘ylab yurgani va sezilarli muvaffaqiyat keltirishi mumkinligini aytgan.
Tramp yangi brendini moliyaviy firbgarlikda ayblanib, 355 million dollar jarimaga tortilgandan so‘ng e’lon qildi. Sudya Artur Engoran unga 3 yil davomida kompaniya rahbari lavozimida ishlash va Nyu-Yorkdagi banklardan kredit olishni taqiqladi.
Avvalroq milliarder yozuvchi Jin Kerrollning obro‘siga putur yetkazgani uchun 83 million dollardan ko‘proq jarimaga tortilgan edi. Foiz to‘lovi bilan qo‘shib hisoblanganda Trampning qarzi yarim milliard dollardan oshishi mumkin.
Sobiq rahbar bu choralarning barini yaqinlashayotgan saylovda prezidentlikka saylanishiga to‘sqinlik sifatida baholamoqda.