Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2024 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning birinchi bosqich – saralash imtihonlari boshlandi.

Ushbu imtihonlar ikki smenada – soat 10:00 va 15:00 da bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilda Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oladigan pedagoglarning soni 1250 nafar etib belgilandi. Shundan 1150 ta kvota umumta’lim muassasalari pedagoglari uchun, 100 ta kvota Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun ajratilgan.

Mazkur kvota “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy va filologiya fanlari” va “Amaliy fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha tuman (shahar)lar bo‘yicha taqsimlandi.

Ushbu kvotaga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oluvchi g‘oliblarni aniqlash nomzodlar orasida ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan “Boshlang‘ich ta’lim”, “Aniq va tabiiy fanlar”, “Xorijiy tillar”, “Ijtimoiy va filologiya fanlar”, “Amaliy fanlar” yo‘nalishlarida bugun barcha hududlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ikkinchi bosqichda esa umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal balning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.

Kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 barobari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

Aytish kerakki, Vazir jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu jamg‘arma hisobidan Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlarga har oylik ustama to‘lash ko‘zda tutilgan.

N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA