Joriy yil fevral oyining ilk kunlarida davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida sportni ommalashtirish, mahallalarni futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi kabi sportning 12 ta ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, har oyda ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish muhimligi ta’kidlangandi.

Ommaviy sportni rivojlantirishda zamonaviy sport majmualari, sport maydonchalari, zarur jihozlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “2024 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududlarda mavjud sport inshootlarini rekonstruksiya qilish, ularning moddiy- texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangandi.

Qarorda keltirilganidek, “O‘zbekiston — 2030» strategiyasidagi vazifalarni hayotga tatbiq etish, hududlarda, ayniqsa mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush darajasini oshirish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan bo‘lib, joylarda sport muhitini vujudga keltirish ayni maqsadlarga erishishda muhimdir.

Mazkur ishlarni jonlantirish, mavjud infratuzilma holati bilan tanishish maqsadida Sport vazirligi va tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hududlarda o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Komil Boyazitov va Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov yetakchiligidagi mutaxassislar shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Prezidentning “2024 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridagi vazifalarning ijrosini tahlil etib, sport majmualarida shug‘ullanayotgan yoshlar va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga nomzod sportchilar bilan suhbatlashdi.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi, Respublika suv sporti turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Respublika yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi va Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining murabbiylari, mutaxassis va mutasaddilari bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida mahoratli sportchilarni tanlash, mahallalarning sport turlariga ixtisoslashuv holati, “sektor – tuman – viloyat – respublika” darajalarida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish asnosida “sport maktablari – sport kollejlari – sport federatsiyalari – oliy mahorat maktablari” zanjiri asosida doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirish borasidagi mavjud muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Yoshlarni ommaviy sport musobaqalariga jalb etishda yangicha yondashuvni tatbiq etish, ularni munosib rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish kerakligi ta’kidlandi. Joylardagi mutasaddi va mutaxassislarga aniq tavsiya va takliflar bildirildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA muxbiri