Germaniyada o‘tkazilayotgan “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turnirining deyarli barcha o‘rinlariga da’vogarlar nomi ma’lum bo‘ldi.

Kecha yarim final va 5-8-o‘rinlarga da’vogarlar o‘rtasidagi qizg‘in bellashuvlarning so‘nggi partiyasida hammasiga oydinlik kiritildi.

Yarim finalning 2-partiyasida norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi bahs olib borgan Nodirbek Abdusattorov shiddatli o‘yinni o‘z foydasiga hal etish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda o‘yinni durang bilan yakunladi. Bahsning 10-yurish holatida xatolikka yo‘l qo‘yishi va oradan ikkita yurishdan keyingi yana bir kichkina chalg‘ish vaziyati uchrashuvni murosa tomon boshladi. Birinchi partiyadagi g‘alaba va 2-partiyadagi tenglik sobiq jahon chempioni Karlsenni finalga, Abdusattorovni 3-o‘rin uchun kurash maydoniga olib chiqdi.

Yarim finalning ikkinchi juftligidagi Levon Aronyan va Fabiano Karuana jangi durang holatida tay-breykka, undan so‘ng armagedon bahsigacha yetib bordi. Armagedonda esa Karuana yutuqqa erishdi va final uchrashuvida Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keladigan bo‘ldi.

Shuningdek, 5-8-o‘rinlar uchun kurashda jahon chempioni xitoylik Din Lijen  Fransiya vakili Alireza Firuzjaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa,  hindistonlik Dommaradju Gukesh va germaniyalik Vinsent Kaymer qarama-qarshiligidagi o‘yinda hind shaxmatchisi 5-o‘rin uchun kurashish huquqiga ega chiqdi.

Bugun, 15 fevral kuni mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollari bo‘lgan nufuzli musobaqaning finalida Karlsen – Karuana, 3-o‘rin uchun bahsda Abdusattorov – Aronyan, 5-o‘rin uchun Firuzja – Gukesh hamda 7-o‘ringa egalik qilishda Din Lijen – Kaymer juftliklarining ilk partiyalari o‘tkaziladi. Aynan ushbu juftliklar ertaga ikkinchi partiyada dona suradi.

Eslatib o‘tamiz, Nodirbek mazkur turnirning dastlabki rapid musobaqasida Levon Aronyan bilan durangga erishgan edi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA