Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda tugʻilgan. U o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.

Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi. Ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («Sher») laqabini oladi. Bobur otasi yo‘lidan borib, mashhur sufiy — Xoja Ahrorga ixlos qo‘yadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu e’tiqodga sodiq qoladi. Keyinchalik, «Boburnoma» asarida Bobur Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizliqdan xalos etganini, eng og‘ir sharoitlarda rahnamolik qilganligini ta’kidlaydi.

1527 yil oktyabrda Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi. Shunda Bobur o‘zi e’tiqod qo‘ygan Xoja Ahror Valiyga ixlos bilan uning nasrda bitilgan «Volidiya» asarini she’riy tarjima qiladi. Boburning mohir tarjimon sifatidagi qobiliyati namoyon bo‘lgan 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa muddatda yakunlangan. Boburning o‘z e’tiroficha, tarjima tugashi hamonoq batamom sog‘ayib ketgan. Bu yillarda u «Boburnoma» fasllari ustida ishlashni davom ettirdi, yangi-yangi g‘azal-ruboiylar yaratdi, o‘z iborasi bilan aytganda, «Hindistong‘a kelgali aytqon ash’orni» tartibga solib, shuningdek, «Volidiya» tarjimasini, «Xatti Boburiy» bilan bitilgan namuna va qit’alarni Movarounnahr va Afg‘onistonga, Xumoyun, Xoja Kalon, Hindol va boshqaga yubordi. Humoyun Mirzoga atalgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni tahlil etuvchi mashhur maktubi ham Bobur ijodiy faoliyatining yorqin qirralaridan biri bo‘ldi.

Bu yil buyuk shoir tavvalludining 541 yilligi tantanali tarzda nishonlanmoqda. Uning hayoti, ijodiy faoliyati kelajak avlodlarga bebaho m’erosdir.

MAFTUNA YUSUPBOYEVA,

QDU, Jurnalistika mutaxassisligi 2-bosqich talabasi.

Qoraqalpogiston axborot agentligi