Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni”ga bag‘ishlab “Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda xotin-qizlarning roli” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov mamlakatimizda olima ayollar va ilmiy izlanishlarni olib borayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar, iqtidorli talaba-qizlarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga, ularning qo‘lga kiritayotgan yutuqlariga to‘xtaldi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrdagi 70-sessiyasida 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni sifatida rasman e’lon qilingan bo‘lib, 2016 yildan boshlab mazkur sana dunyoning ko‘plab davlatlarida, xususan, mamlakatimizda ham keng nishonlanmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 40 nafarga yaqin fan doktori, 200 nafarga yaqin fan va falsafa doktori, professor, dotsent ilmiy unvonlariga ega xotin-qizlar turli sohalarda faoliyat olib bormoqda.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Injayim Seytnazarova. – Iqtidorli talaba  qizlarning nufuzli chet el oliy o‘quv yurtlariga bakalavr va magistraturaga yuborilishi, doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun maqsadli kvota ajratilishi buning yaqqol isbotidir. Ilm-fanning qiyinchiliklarini yengib, uning rivojiga hissa qo‘shish bilan birga, hayotda ardoqli ona bo‘lib, farzand tarbiyasi bilan birga, yoshlarga ustozlik qilib kelayotgan xotin-qizlar o‘quv muassasamizda ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, fan doktorlarining turli mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. Faol ishtirok etgan xotin-qizlarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari