Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Ahmed Reymov o‘zi saylangan hudud – Nukus shahridagi “Qosko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan uchrashdi.

Dastavval xalq vakili davlatimiz rahbarining 2023 yil 13 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi hamda mavjud muammolarning samarali hal etilishini moliyaviy va moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida har bir mahallaga 500 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan edi. Deputat mazkur qarorga asosan ajratilgan mablag‘ning maqsadli sarflanish jarayonini o‘rgandi. Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Muloqot davomida saylovchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi borasida qilinayotgan ishlar qayd etilib, ularni qiynab kelayotgan muammo va takliflar tinglandi. Ular tomonidan bildirilgan murojaatlarni qonun doirasida tegishli tashkilotlar bilan o‘rganib chiqishga va nazoratga olishga kelishib olindi.

Uchrashuv davomida hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri