El Kallao shahridagi bolalar tuproqdan oltin ajratib olishga, avvaliga, shunchaki o‘yin sifatida qarashadi. Keyinchalik bu mashg‘ulot bolakaylarning asosiy ishiga aylanadi.

Venesuelada bolalar kitob bilan emas, oltin va simob orasida ulg‘ayishadi. Hozir 1000 ga yaqin bola noqonuniy oltin qazib olish bilan band.

10 yoshli Martin o‘qishni bilmasa-da, qavargan qo‘llari bilan yosh amakivachchalariga ergashib, mamlakat janubi-sharqidagi ochiq konda tilla qazib oladi. Epchil bolalarning kichik tanasi tor quduqqa kirishda qo‘l keladi.

Marti hech qachon maktabga bormagan, oltin qidirishni afzal biladi. U topgan puliga poyabzal, kiyim-kechak, ba’zan shirinlik sotib olishini aytadi. Inson huquqi bo‘yicha faollar omon qolish masalasiga aylangan bunday yumush ortidagi xavf odatiy holga aylanganini aytishadi.

Venesuela 2013 yildan beri jiddiy iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Ekspertlar vaziyatga siyosiy institutlar noto‘g‘ri ishlayotgani sabab, deb hisoblashadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari sanksiyasi ham mamlakatga ta’sir o‘tkazgan. YAIM 80 foiz qisqarib, giperinflyatsiya xarid qobiliyatini pasaytirib yuborgan. 30 million aholining 7 millioni boshqa joyga ko‘chib ketgan. 2017 yil Prezident Nikolas Maduro boshqa mineral resurslarga e’tibor qaratish orqali iqtisodiyotni tiklashga va’da berarkan, davlat dunyodagi eng yirik oltin zaxirasiga egalik qilishi mumkinligini aytgan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan 2021 yil e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, kichik konchilar tomonidan ishlab chiqarilgan oltinning salmoqli qismi oxir-oqibat harbiy va siyosiy elita qo‘liga boradi.

Bolalar aholining uchdan bir qismini tashkil etadi. Pandemiyadan so‘ng qator o‘quvchilar maktabga chiqmay qo‘ygan.

Kon doim xavfga to‘la (surat)

Bola har kuni loy ko‘lmakdan topilgan oltinni ajratish uchun ishlatiladigan simob to‘pini ko‘rsatmoqda.

Yosh konchi simobni loydan ajratyapti.

Huquq faollari bolalar oltin qazib olishiga

eksplutatsiya sifatida qaraydi.

Bolalar uchun bu yumush odatiy ishga aylangan.

Venesuelaliklar ko‘p yillik iqtisodiy tushkunlikni boshdan kechirmoqda

Venesuela Amazonkasida olib boriladigan qazib olish ishlari atrof-muhit va mahalliy aholiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Aholining uchdan bir qismini tashkil etuvchi Venesuela bolalari – mamlakatda davom etayotgan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz qurbonlariga aylangan.

Sardorbek Poyonov tayyorladi.

O‘zA