Kuni kecha O‘zbekiston va Belarus Respublikalari Prezidentlari o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi kun tartibini belgilab oldi. Yetakchilar tor doirada hamda mamlakatlar rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar ham o‘tkazildi. Bu o‘rinda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etish lozim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikda ijobiy sur’at qayd etilgan. Kelgusida ushbu ko‘rsatkichni sezilarli oshirish maqsadi bor.
Kelishuvlar, hamkorlik aloqalarining istiqboli xususida bir qator vazirlik va idoralar rahbarlari fikrlari bilan qiziqdik.
Laziz QUDRATOV, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri:
– Belarus Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etilgan tadbirlar natijasidan ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro hamkorlik qilish istaklari yuqoriligini anglash mumkin. Bu ikki davlat raqobatchi emas, balki bir birini to‘ldiruvchi sanaladi. Qator istiqbolli hujjatlar imzolandi. Bular farmsanoat, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalaridagi kelishuvlardir. Mashinasozlik, elektrotexnika yo‘nalishida ham qo‘shma loyihalar olib boriladi. Bu bilan cheklanilmaydi. Mamlakatimiz eksportni jadal rivojlantirish yo‘lidan bormoqda. Shu sababdan tomonlar o‘zaro kelishgan holda jahon bozorlarida talabgir bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Bu tovarlarni uchinchi davlatga sotish bo‘yicha qo‘shma loyiha boshladik. O‘ylaymanki, bu ikki tomon uchun ham samarali bo‘ladi.
Aleksandr ROGOJNIK, Belarus Respublikasi sanoat vaziri:
– Bugun yurtingiz shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bu taraqqiyot xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Shu o‘rinda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari istiqboli bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tishni istardim. Qishloq xo‘jaligi rivoji uchun maxsus texnikalarning ishonchli bo‘lgani maqsadga muvofiq. Uchrashuvlarda, ikki kunlik forum natijasida muhim shartnomalar imzolandi. Sanoat sohasi kesimidagi, xususan, dizel generatorli kompressor stansiyalarining litsenziyalangan yig‘ilishi, maxsus traktor va kombaynlarga oid kelishuvlar e’tiborga molik. Barcha yo‘nalishdagi hamkorligimiz ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonamiz.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri:
– Belarus delegatsiyasi tashrifi doirasida oliy hamda professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishvular bo‘ldi. Jumladan, Belarus Respublikasining Texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda Farg‘ona hamda Qarshi shahridagi bittadan tegishli yo‘nalishdagi institutda texnopark tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatimizning o‘n to‘rtta hududida professional ta’lim bo‘yicha maxsus kompetensiya markazlari yaratiladi. Shuningdek, dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yuqori bosqichda ta’lim olayotgan talabalarimiz ma’lum muddat Belorusda elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.
Qabul qilingan qarorlar hamda imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanmoqda.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri