Senat Raisi: hozirgi milliy taraqqiyotimizda Navoiyni anglash nihoyatda muhim

360

Senatning elliginchi yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugun buyuk shoir va mutafakkir, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiyning tavallud kuni ekaniga e’tibor qaratdi.

– Buyuk ajdodimizning 583 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Mana qariyb olti asrki, Navoiyning benazir ijodi, teran falsafasi, umuminsoniy g‘oyalari, nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyo xalqlari ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab kelmoqda. Xususan, inson qadrini ulug‘lash, xalqni rozi qilish birlamchi maqsadga aylangan hozirgi milliy taraqqiyotimizda Navoiyni anglash nihoyatda muhim.

Umuman olganda, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosi hozirgi kunimiz uchun ham dolzarb ekanini e’tirof etish kerak. Bu, eng avvalo, vatanparvarlik, tinchliksevarlik, davlatchilikni mustahkamlash, insonlar, millatlar, xalqlar o‘rtasida samimiyat, oqibat va do‘stlik rishtalarini ulug‘lash kabi ezgu g‘oyalarda namoyon bo‘ladi.

– Shu bois, Navoiy bobomizning, qolaversa, barcha buyuklarimizning merosini qadrlashimiz, ulug‘lashimiz, va eng muhimi, to‘g‘ri anglagan holda hayotimizga, faoliyatimizga faol tatbiq etishimiz lozim. Binobarin, bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar shiddati bizdan ana shunday jadal ishlashni talab qilmoqda. Islohotlarning qonuniy asoslarini mustahkamlash, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘z vaqtida, atroflicha ko‘rib chiqishimiz va hal qilishimiz zarur, – dedi Senat Raisi.

N.Abduraimova, O‘zA