Hozir bojxona organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish bo‘yicha tadbirlar tizimli asosda tashkil etilgan.

Joriy yilning 1 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 648-sonli “Beyneu-Nukus” yo‘nalishidagi yo‘lovchi tashuvchi poyezdning 8-sonli vagoni bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Natijada vagon kuzatuvchisiga tegishli sumkada oziq-ovqat mahsulotlari ostiga yashirilgan, hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan “H2 Premium” nomli 394 qutida jami 15 ming 760 dona biologik faol qo‘shimcha borligi fosh etildi. Dastlabki so‘rovga ko‘ra ushbu kapsulalarning umumiy qiymati 441 million so‘mni tashkil etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri