Rossiya prezidentligiga da’vogarlik qilayotgan Boris Nadejdin Ukrainadagi urushni tanqid qilib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, Putinning ushbu ehtimoliy raqibi saylovda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilingan.
Nadejdin mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda qatnashish uchun topshirgan arizasi bloklangani uchun mamlakat oliy sudida saylov komissiyasi qaroriga e’tiroz bildirishini aytdi.
“Fuqarolik tashabbusi” partiyasidan prezidentlikka da’vogar Nadejdin nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan 100 000 imzoni topshirgan, ammo MSK to‘plangan imzolarning 15 foizida kamchilik borligini aytgan. Komissiya fikricha, imzolarning bir qismi marhumlarga tegishli. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov saylov rasmiylarining qarori qoidaga muvofiqligini aytdi.
– Rossiya bo‘ylab 200 mingdan ko‘p imzo to‘pladim, – dedi Nadejdin. – Biz ishimizni ochiq, halollik bilan bajardik. Qarorgohimiz va manzillarimizdagi navbatni butun dunyo kuzatdi.
Siyosatchi saylovda ishtirok etish hayotidagi muhim qaror ekanini ta’kidlab, maqsadidan voz kechmasligini qo‘shimcha qilgan.