O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova yurtimizda xotin-qizlar va yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar hamda xotin-qizlar masalasiga alohida o‘rin berilganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar uchun imkoniyatlar yaratilishiga erishish, ularning barcha sohalarda ishtirok etishini ta’minlash, ayollarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deya qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Suhbatda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlar bilan birgalikda, yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilishi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi, shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni yaratib berishi borasida ham so‘z yuritildi.
O‘zaro qizg‘in muhokama tarzida kechgan davra suhbatida deputatlar va talaba-yoshlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri