Futbol xabarlari

Qatar mezbonligida o‘tayotgan Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari musobaqa davomida yorqin o‘yinlari bilan ajralib turdi. Futbolchilarimizning musobaqadagi ishtirokini Yevropa qit’asi mutaxassislari ham kuzatgani tabiiy.

Osiyo kubogi musobaqasida o‘zining ajoyib o‘yinlari bilan yodda qolgan Abbosbek Fayzullayev futbol jamoatchiligining e’tiborini tortgani quvonarlidir. Mazkur musobaqadan so‘ng Abbosbekning Yevropa klublariga yo‘l olish imkoniyati yanada oshdi, deya baralla ayta olamiz. Ayni paytda “SSKA” klubida shov-shuvli transfer amalga oshishi uchun birinchi nomzod Abbosbek Fayzullayevdir. Katta ehtimol bilan bu yilgi transfer mavsumida futbolchimiz dunyo skautlar e’tiborini tortgan holda “SSKA”da uzoq qolmaydi va Yevropaning nomdor jamoasiga ketadi.

O‘tgan bir-ikki kun davomida Abbosbek Fayzullayevga “Bavariya” klubi qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Moskvaning “SSKA” jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev ishini yurituvchi “ProSports Management” kompaniyasining Osiyo loyihalari rahbari Qahhor Mo‘minov quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Albatta, ko‘plab klublarning skautlari Abbosni kuzatib borishmoqda, ko‘pchilik qiziqish bildirmoqda. Ammo biz “Bavariya”ning qiziqishi haqida hech narsa bilmaymiz. Asosiysi, hozir u biroz dam olishi va “SSKA” safiga qo‘shilib, mavsumga tayyorgarlik ko‘rishi kerak, – dedi Q.Mo‘minov.

Uning bu fikrlari esa yuqoridagi mish-mishlarga chek qo‘ydi.

***

O‘zbekiston terma jamoasining yana bir futbolchisi, Osiyo kubogida terma jamoamiz safida yorqin o‘yin namoyish etgan Otabek Shukurovning Turkiyaning “Fotih Karagyumryuk” jamoasi bilan shartnomasi uzilgani haqida xabaringiz bor. Otabek hozirda Turkiya chempionatining boshqa bir jamoasi “Kayserispor” bilan shartnoma tuzish arafasida. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, O.Shukurovga Rossiya va boshqa davlat klublari qiziqmoqda.

***

Osiyo kubogida terma jamoamiz safida maydonga tushmagan Bobur Abduxoliqov, Qozog‘iston Premer-ligasida o‘tgan mavsumni chempion sifatida yakunlagan “Ordabasi” klubi bilan rasman xayrlashdi. U endi Qarshining “Nasaf” klubida faoliyatini davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Bobur Abduxoliqov “Ordabasi” safiga 2023 yilda qo‘shildi va Premer-ligada 26 ta uchrashuvning barchasida ishtirok etdi. Ushbu o‘yinlarda raqiblar darvozasini 7 marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi. Shuningdek, Abduxoliqov Qozog‘iston kubogida 7 ta uchrashuvda bitta gol urdi. Mamlakat Superkubogida ham o‘ynadi. UEFA Konferensiyalar ligasining saralash musobaqasida Polshaning “Legiya” jamoasiga qarshi ikkita uchrashuvda ishtirok etdi.

“Nasaf” B.Abduxoliqov bilan shartnoma tuzish bilan bir qatorda, o‘zining tarbiyalanuvchisi Sharof Muhiddinovni jamoaga qaytardi. Yarim himoyachi klub bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi.

***

Hozirda faoliyati davom etayotgan va terma jamoamiz yulduzlaridan biri bo‘lgan Sardor Rashidov yana futbolga qaytdi. U BAA klubi – “Dubay Siti” bilan shartnoma imzoladi. Hozircha mazkur transferning to‘liq tafsilotlari oshkor etilmadi. S.Rashidov so‘nggi bor Toshkentning “Paxtakor” klubida o‘yin o‘tkazgan va 2023 yilning 1 iyulidan rasman erkin agentga aylangan edi.

***

Xabaringiz bor, joriy yilning mart oyida O‘zbekistonda milliy chempionat start oladi. Yangi mavsum oldidan klublarimiz o‘z tarkiblarini turli futbolchilar bilan to‘ldirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi va “Olimpik” jamoasi himoyachisi Odil Abdumajidov yangi mavsumni Samarqandning “Dinamo” klubida o‘tkazadi.

***

Shuningdek, shu kunlarda Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlik olib borayotgan “Qizilqum” jamoasi o‘z safiga gruziyalik Elguja Lobjanidzeni qo‘shib oldi. 31 yoshli hujumchi faoliyati davomida 263 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqib darvozasiga 57 ta gol urgan.

***

Mamlakatimizning Superliga bahslari boshlanishi avvalidan, Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotgan “Navbahor” jamoasi mazkur yig‘in doirasidagi so‘nggi nazorat bahsini Rossiyaning “Kuban” (Krasnodar) jamoasiga qarshi o‘tkazdi va 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa “Lochinlar” Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlab yurtimizga qaytdi.

***

O‘tgan yili o‘zining aql bovar qilmas transferlari bilan dunyoni hayratga solgan Saudiya Arabistoni klublari ushbu an’anani davom ettirmoqda. Aniqrog‘i, “An-Nasr” jamoasi “Manchester Yunayted” himoyachisi Rafael Varanga qiziqish bildirmoqda. Krishtianu Ronaldu o‘ynayotgan Saudiya Arabistoni jamoasi fransiyalik futbolchiga bir yil uchun 60 million yevro maosh taklif qilishga tayyor.

***

“Al-Ittihod” esa hamon Muhammad Salohni o‘z safiga qo‘shishga urinmoqda. Klub ushbu forvard uchun “Liverpul”ga 200 million funt (234 million yevro) to‘lashga tayyor. Agar bu kelishuv amalga oshsa, dunyo tarixidagi eng qimmat transfer bo‘ladi.

Shuningdek, “Al-Hilol” ham “Liverpul” hujumchisi Muhammad Salohni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Ular Saloh uchun 150 million yevro sarflamoqchi.

***

“Real Madrid” klubining uy stadioni bo‘lgan “Santyago Bernabeu” shu yilning oxiri yoki 2025 yilning boshida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Shu sababli, “qirollik klubi” o‘z maydonining ochilish marosimiga sobiq futbolchisi Krishtianu Ronalduni olib kelmoqchi. Gap shundaki, “Santyago Bernabeu”ning ochilish o‘yinida “Real Madrid” va “An-Nasr” klublari o‘rtasida o‘yin o‘tkazilishi reja qilinmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA