Belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi

220

Davlatimiz rahbari raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va idoralar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Unda hududlar va tarmoqlar rahbarlari raqamlashtirishda keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, hududlarda 53 ming nafar yoshlarimiz IT bilan mustaqil shug‘ullanib, dasturiy mahsulot yaratyapti. Ularning faoliyatini kengaytirishga turtki beradigan yaxlit tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.

IT-Park davlat bergan imtiyozni rezidentlarga taqdim qilish bilangina cheklanmay, mahalliy dasturchilarimizni xorijiy kompaniyalarga tanishtirish, ularga katta-katta buyurtmalar olib berishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokimlarga joriy yilda 30 ming yoshlarni ingliz va nemis tiliga o‘rgatib, IT sohasiga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy ishlarni tezroq boshlashga ko‘rsatma berildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi markaziy apparati, tizimidagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosini sifatli tashkil etish, berilgan vazifalar hamda kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Shuningdek, hududlarda raqamlashtirish bo‘yicha 2024 yilda erishilishi zarur bo‘lgan asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi va ularning borishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va takliflar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, sohada olib borilayotgan tizimli ishlarni davom ettirish, yo‘l qo‘yilgan xatolarni vaqtida bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, IT xizmatlarini rivojlantirish uchun hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, IT-ta’limni rivojlantirish, soha xodimlarini ingliz tili bilish darajasi qamrovini oshirish bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.

N.Rahmonova, O‘zA muxbiri.