Qatar yashil maydonlarida o‘tayotgan Osiyo kubogining yarim final doirasidagi ilk o‘yinida kutilmagan natija qayd etildi.
“Ahmad bin Ali” stadionida o‘tkazilgan Iordaniya — Janubiy Koreya terma jamoalari bahsi 2:0 hisobida yakunlandi. Birinchi bo‘limda har ikki jamoa bir-birining zaif tomonlarini o‘rgandi. Barchasi esa ikkinchi bo‘limda sodir bo‘ldi. O‘yinning 53-daqiqasida Al Naymat hisobni ochgan bo‘lsa, 66-daqiqada Al Tamari oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Bu gollar esa Iordaniyani o‘z tarixida ilk bor finalga olib chiqdi.
Bugun, 7 fevral kuni “Al Tumama” stadionida Qatar – Eron terma jamoalari final yo‘llanmasi uchun maydonda tushadi. Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da bo‘lib o‘tadigan mazkur bellashuvni quvaytlik Ahmad Alali bosh hakam sifatida boshqaradi.
Unga qanotlarda hamyurti Abdulhadi Alanezi hamda malayziyalik Muhammad Zairul bin Halil Tan yordam beradi. Shuningdek, zaxira hakami sifatida Iida Jumpey (Yaponiya), “VAR”da Sivakorn Pu-Udom (Tailand), “AVAR”da Fu Ming (Xitoy) ishlaydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA