“Umra”da fuqarolarimizni sarson qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

235

Ijtimoiy tarmoqlarda Umra safari (Saudiya Arabistoni)ga borgan bir bir guruh o‘zbekistonlik fuqarolarning yurtga qayta olmay sarson bo‘layotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Kuni kecha bu haqda Turizm qo‘mitasi rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unda “Panorama airways” tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli yurtdoshlarimizning «Umra» safaridan qayta olmayotgani sabablari keltirilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan turistik faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha talablar belgilanishi bilan bir qatorda ziyoratchilarga zarur qulayliklar yaratishni ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.

Biroq, qo‘mita bayonotida hozirgi paytda ayrim «tadbirkorlar» tomonidan Umra tadbirlarini amalga oshirishda  yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmay, tegishli  litsenziya olmasdan, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, noqonuniy ravishda ishlab kelayotganlar uchrayotgani qayd etilgan. Turizm qo‘mitasi bunday ma’lumotlarni huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etgan.

Shu o‘rinda, bayonda «Umra» xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilar o‘rnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkinligini hamda ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar sud qaroriga muvofiq undirib berilishi ma’lum qilingan.

Mazkur bayonotdan keyin Bosh prokuratura bayonoti e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Transport prokuraturasi tomonidan vatandoshlarimizni Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy aviakompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.

N.Abduraimova, O‘zA