“Ibrat farzandlari” – xorijiy tillarni o‘rganish uchun kreativ va bepul loyiha(video)

1508

Bugungi kunda yoshlarimizga bepul ta’lim bo‘yicha berilgan imkoniyatlardan biri “Ibrat farzandlari” loyihasidir. Mazkur loyihaga 2022 yilda asos solingan bo‘lib, undan maqsad yoshlarning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va ularga bepul sifatli ta’lim berishdan iborat.

“Ibrat farzandlari” loyihasini YouTube platformasi orqali kuzatib borish mumkin. Jumladan, YouTube platformasida “Ibrat farzandlari”ning turli tillardan video-darsliklari, dars asosida tegishli grammatik qonun-qoidalar, bilimni mustahkamlash uchun test savollari joylashtirilgan. Mazkur ilova O‘zbekistonning turli hududlaridagi til ixlosmandlariga xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning tillar bo‘yicha bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xususan, 25 nafar malakali o‘qituvchi tomonidan rus, turk, nemis, ispan, xitoy, koreys, yapon, arab, italyan, pushtu va vetnam kabi 20 dan ortiq tillar bo‘yicha video-darsliklar til o‘rganuvchilarga doimiy taqdim etib kelinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda loyiha oflayn tarzda ham yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘sh, bu respublikamizning qaysi xududlarida amalga oshirilmoqda? Oflayn darslar ham bepulmi?

Shu kabi savollarimizga “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari Rustam Qoriyev javob berdi.

–Avvalo loyiha haqida qisqacha gapirib bersam. 2023 yil 3 fevral kuni davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi doirasidagi uchrashuvda mazkur loyihani Prezidentga taqdim etdik. Ushbu uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan loyiha to‘liq qo‘llab-quvvatlandi hamda uni tizimli rivojlantirishga doir qator tavsiyalar berildi. Mazkur tavsiyalarning amaliy natijasi o‘laroq “Ibrat Academy” mobil ilovasi ishlab chiqildi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, ilovada jami 481 ming 351 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 1800 ga yaqini V2 darajagacha testlarni yechib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan.

“Ibrat farzandlari” loyihasi ijtimoiy tarmoqlar va kanallar orqali ham keng auditoriyani qamrab olishga ulgurdi va internetdagi o‘zbek segmentini foydali kontentlar bilan boyitib bordi. Jumladan, YouTube platformasida jami 2 mingga yaqin videolar joylangan va platforma 453 ming nafar foydalanuvchiga ega bo‘ldi.

Ko‘rishlar soni esa 21,5 millionni tashkil etdi. Video-darsliklar nafaqat O‘zbekistonda, balki 50 dan ortiq xorijiy mamlakatlarda, Jumladan, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Polsha, Rossiya, Turkiya, Fransiya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston kabi davlatlarda ham tomosha qilindi. Eng ko‘p ko‘rilgan tillar reytingini ingliz, rus, koreys, nemis va arab tillari boshqardi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini ham jalb qilayotgan loyiha instagram tarmog‘idagi sahifasida 1 million kuzatuvchi, telegram kanalida esa 65 mingdan ortiq a’zoni qamrab olgan. “Ibrat farzandlari” telegram kanalidan tashqari har bir xorijiy tilning maxsus telegram kanali mavjud bo‘lib, ularda ham 5 mingdan 15 minggacha kuzatuvchilar faol ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasining bir qator viloyatlari, jumladan, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Xorazm, Surxondaryoda tillar marafoni tashkil etildi. Har bir marafon viloyatlarning til ixlosmandi bo‘lgan yuzlab yoshlarni qamrab oldi. Marafonda faol ishtirok etgan til o‘rganuvchilarga loyihaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘tgan yil mobaynida Samarqand, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida “Ibrat farzandlari” loyihasining maxsus ofislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur amaliyotning 2024 yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan. Har bir viloyat, tuman hamda mahallalar kesimida “Ibrat farzandlari”ning yoshlar yetakchilaridan tashkil topgan targ‘ibotchilar guruhi shakllandi. Mazkur yoshlar o‘z hududlaridagi tengdoshlarini xorijiy tillarni o‘rganishga undash bilan birga, ularga kerakli amaliy yordam berdi.

“Ibrat Camp” ham tashkil etilib, mazkur oromgohda ingliz tilini mukammal biladigan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi va dunyoda eng yuqori 100 talik o‘rinlarni band etgan universitetlarga bakalavr hamda magistraturaga o‘qishga kirish bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishdi.

Bilimga chanqoq, bir nechta xorijiy tillarni mukammal o‘rgangan va turli sohalarda tajribaga ega yoshlarning bir yerda to‘planib, fikr almashishi ko‘plab katta-kichik loyihalarning tashkil etilishiga va dunyoning eng kuchli universitetlariga kirishga turtki bo‘lib kelmoqda.

Loyiha doirasida 100 nafar ishchi o‘rni yaratildi va o‘z sohasining mutaxassislaridan iborat xodimlar jamoasi tuzildi. Loyiha doirasida yoshlarni kreativ fikrlashga undovchi “Ibrat Quiz”, “Ibrat Debate”, “Speaking club”, “Notiqlik mahorati” oflayn mashg‘ulotlari mahoratli ekspertlar ishtirokida tashkillashtirib borildi.

2023 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida joylashgan Yoshlar ijod saroyida loyiha yangi ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur marosimda minglab yoshlar, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindistondan mutaxassislar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.

Shuningdek, “Ibrat farzandlari” brendi ostida esdalik sovg‘alari, jumladan, soat, kepka, futbolka, sumka, daftar, ruchka, bokal, ko‘krak nishonlari ishlab chiqildi va bu sovg‘alar tillarni mukammal o‘rganayotgan hamda boshqalarning chet tilini o‘rganishiga turtki bo‘layotgan faol yoshlarga taqdim etib borildi.

Gulnoza Boboyeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA