Senat: havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 1,5 foizga qisqartiriladi

277

Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish, qurilish maydoniga va unga kirib-chiqish yo‘llariga suv sepadigan osma yomg‘irlatkichni o‘rnatish majburiy etib belgilash ustida ish olib boriladi.

Zero, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bugungi kunda dolzarb vazifalardandir. Shu bois, bu “O‘zbekiston – 2030″ strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida o‘z ifodasini topgan.

Unda “Yashil energiya” manbalari salmog‘ini oshirish maqsadida joriy yilda xorijiy investorlar ishtirokida Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 2 ming 700 MVt bo‘lgan 6 ta yirik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida shu masalaga e’tibor qaratilib, bu energetik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etildi.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tishni ta’minlash uchun qulay sharoitlarni yanada kengaytirish maqsadida “yashil” sertifikatlar aylanmasi bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilishi ham loyihada nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, suv resurslarini tejash maqsadida yirik kanallarni betonlashtirish, suvni boshqarish tizimini tubdan isloh qilish, suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, sohaga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 1,5 foizga qisqartirish, chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish, qurilish maydoniga va unga kirib-chiqish yo‘llariga suv sepadigan osma yomg‘irlatgichni o‘rnatish majburiy etib belgilash masalalari nazarda tutilmoqda.

Joriy yilda yashil bog‘lar soni 444 taga yetkaziladi, yashillik darajasi 12,4 foizga olib chiqiladi, 112 ta yirik sanoat korxonalarining hududida va unga tutash hududlarda 2,1 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘” lar barpo etiladi. Respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 3,65 million gektarga yetkazish choralarini ko‘rish vazifa qilib belgilangani ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.

Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolarning salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan vazifalar doirasida dengizning qurigan tubida qo‘shimcha 100 ming gektar yashil maydonlar barpo etiladi. Bu iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish, biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Senatorlar Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar bildirdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA