Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Bugun O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar a’zosi medallar uchun supachaga chiqdi.
Dastlab qizlarimiz Ozoda Hojiyeva hamda Shahnoza Jabborova -64 kg vazn toifasida medallar uchun kurash olib bordi. Yakunda umumiy hisobda 192 kg qayd etgan O. Hojiyeva oltinchi, bu yil 15 yoshni qarshi oladigan Sh. Jabborova esa 184 kg bilan yettinchi pog‘onadan joy oldi. Kuchli uchlikni Suk Ri (KXDR) – 253 (112+141) kg, Sui-Chia Li (Xitoy Taipeyi) – 203 (85+118) kg va Minkyung Park (Janubiy Koreya) – 202 (86+116) kg egalladi.
Kunning ikkinchi yarmida yigitlarimizdan 2021 yilgi jahon chempioni Doston Yoqubov hamda Muhammadqodir Toshtemirov -73 kg vaznning “A” guruhida ishtirok etdi. Ikki kurash hisobida 330 kg ko‘targan D. Yoqubov to‘rtinchi o‘rinni egalladi. 316 kg toshni bo‘ysundirgan M. Toshtemirov esa chempionatni sakkizinchi bo‘lib yakunladi. Qayd etish joiz, mazkur dasturda oltin medal siltab ko‘tarish yo‘nalishida 204 kg bilan jahon rekordini yangilagan indoneziyalik Rahmat Ervin (363 (159+204)ga nasib etdi. Keyingi o‘rinlarni Junianyah Rizqi (Indoneziya) – 353 (158+195) kg va Miyamoto Masanori (Yaponiya) – 335 (150+185) kg qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionati 10 fevralga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA