Avval xabar berilganidek, ertaga – 7 fevral kuni Ozarbayjon tarixida muhim kun, ya’ni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu mamlakatdagi to‘qqizinchi va ketma-ket ikkinchi navbatdan tashqari prezidentlik saylovi hisoblanadi. Ayni kunlarda Bokuda bo‘lib turgan respublikamizdagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi Mobil Mammedov bilan ayni jarayon haqida suhbatlashdik.
– Ma’lumki, bu saylov Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi qayta tiklangandan keyin o‘tkaziladigan ilk muhim siyosiy voqea hisoblanadi. Ozarbayjon xalqining bu jarayonga munosabati qanday?
– Amaldagi Prezident Ilhom Aliyev farmoyishiga ko‘ra, Ozarbayjonda muddatidan oldin prezidentlik saylovi 2024 yil 7 fevralda o‘tkazilishi belgilangan. Qorabog‘ ozod qilingandan keyingi birinchi, hududiy yaxlitlik va suverenitet tiklangan sharoitda o‘tadigan ushbu saylov g‘olib mamlakat saylovi sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘tgan 25-30 yil ichida Ozarbayjonda kuchli armiyani shakllantirish va davlatni himoya qilish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash muhim masalaga aylandi. Oxirgi uch yil notinch Qorabog‘ tilga olinishi barcha ozarbayjonliklarni xijolatga solar edi. Endi davlatni yaxlit bir sahnada ko‘rish bizga g‘urur bag‘ishlaydi va bu yutuqdan barchamiz faxrlanyapmiz. Saylov esa yurtning yanada rivojlanishi, nufuzi oshishiga zamin yaratadi. Shundan kelib chiqib, ozar xalqi bu jarayonga juda katta e’tibor va mas’uliyat bilan qaramoqda.
– Mamlakatda saylovga tayyorgarlik qanday kechdi?
– Mamlakatda saylov demokratik tamoyil asosida ochiq, shaffof o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024 yil 26 yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasi 65 mingga yaqin kuzatuvchini ro‘yxatga oldi. Ulardan 512 nafari 70 davlat, 49 tashkilotdan kelgan xalqaro kuzatuvchilardir. Jarayonda Ozarbayjonning 78 nodavlat tashkilotidan 6045 nafar kuzatuvchi ham ishtirok etmoqda.
Shuningdek, voqealarni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo barcha mamlakatlar vakillari, MDH Parlamentlararo Assambleyasi xalqaro kuzatuvchilar guruhi kuzatib boradi. 1000 ta saylov uchastkasiga veb-kamera o‘rnatilgan. Saylovni yoritish uchun 23 xorijiy ommaviy axborot vositasidan ariza tushgan.
Qorabog‘ning ozod qilingan hududida allaqachon uchastka saylov komissiyalari tuzilgan, zarur barcha vositalar hozirlangan. Ozarbayjondagi va xorijdagi barcha fuqarolar, jumladan O‘zbekistonda yashayotgan ozarbayjonliklar ham mamlakatning ertangi kuni, kelajagi uchun munosib nomzodga ovoz beradi.
Prezidentlik uchun yetti nafar nomzod, jumladan amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyev ham da’vogarlik qilmoqda.
– Xorijdagi ozarbayjonliklar jarayonda faol ishtirok etishi uchun qanday sharoit yaratilgan?
– Ozarbayjonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida saylovchilar ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, biznes, o‘qish, sayohat qilish uchun yoki boshqa sabab bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan ozarbayjonliklar 7 fevral kuni mamlakat elchixonasida o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berishi mumkin.
Xullas, Ozarbayjon xalqi hududiy yaxlitlik tiklangandan keyin birinchi marta butun mamlakat bo‘ylab saylov o‘tkazmoqda. Ko‘plab siyosatchilar bu voqeani mamlakat bo‘ylab yangi davrning boshlanishi, deya baholamoqda.
Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.
O‘zA