IIV: Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi zarur

342

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Qodirov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari raisligida 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida belgilangan vazifalar va qo‘yilgan topshiriqlarning ijrosiga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Ashrapov Ramazon Axmatxo‘jayevich Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.

Majlisda tergov va ekspert-kriminalistika sohasiga oid faoliyatni tanqidiy ko‘rib chiqish, tergovchi va ekspertlarning malakasini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Yangi tuzilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tizimni innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy huquqiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish, sohada axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tadbirda respublikamiz hududida o‘tgan yilning hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari, jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda sohaga oid boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama etildi.

Tadbirda ko‘tarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha soha mas’ullarining taklif va mulohazalari tinglandi. Ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

N.Abduraimova, O‘zA