Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talabalar ligasi” musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Talabalar ligasi” sport musobaqalari davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2023 yil 8 maydagi “2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari hamda 2023 yil 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimiz madhiyasi bilan boshlangan musobaqaning ochilish marosimda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga, shuningdek, talabalarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi tizimini takomillashtirish, iste’dodli yoshlarni saralab olish va sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar zaxirasini shakllantirishda mazkur musobaqaning ahamiyati katta ekanini ta’kidlashdi.

Musobaqalarga 1 fevral kuni start berilib, dastlab basketbol bo‘yicha qizlar jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining jamoasi birinchi, Nukus davlat pedagogika instituti ikkinchi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Ikkinchi kuni basketbol bo‘yicha erkaklar jamoalari maydonga tushdi. Qiziqarli o‘tgan bahslarda birinchi o‘rin O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali, ikkinchi o‘rin Nukus davlat pedagogika instituti, uchinchi o‘rin Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasiga nasib qildi.

Musobaqalar belgilangan jadval asosida 1-5 fevral kunlari basketbol, mini futbol, 10-15 fevral kunlari voleybol, shaxmat, 20-25 fevral kunlari stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda oliy ta’lim muassasalaridan 448 nafar talaba, shundan 176 nafar talaba-qiz ishtirok etadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari