Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev “Ochiq eshiklar kuni” doirasida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar va takliflar bo‘yicha qabul o‘tkazdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida har haftada “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilgan. Qabulda shahar va tumanlardan tadbirkorlar, tegishli soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda asosan o‘z tadbirkorligini rivojlantirish borasida uchrayotgan muammolar, moliyalashtirish va kredit ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yer maydonlarini ajratish, ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, vaqt talab etadigan murojaatlar Jo‘qorg‘i Kenges Raisining nazoratiga olinib, tez fursatda ijobiy yechim topish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Har haftaning juma kunida o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni”da tadbirkorlar oldida uchrayotgan to‘siqlar va muammolarni bartaraf etish, ularning taklif va fikrlarini tinglash bilan birga, biznes loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun maxsus tuzilgan shtab faoliyat olib bormoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri