Parijda poyoniga yetgan “Katta dubulg‘a” turnirining so‘nggi kungi bellashuvi hamyurtimiz, jahon chempionati bronza medali sohibi Alisher Yusupovning uch karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, 11 karra jahon chempioni fransiyalik Teddi Riner bilan yarim finaldagi bellashuvi qiziqarli kechgani bilan ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi.
Xususan, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi insidethegames caytining yozishicha, “Katta dubulg‘a” turniri yarim finalining ilk bellashuv onlarida Yusupovning jahon dzyudosining tirik afsonasi Teddi Rinerni vazari hisobiga dog‘da qoldirishi fransuz muxlislari qalbiga g‘ulg‘ula solib qo‘ygani musobaqaning eng yuqori holatlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Aynan Yusupov tomonidan amalga oshirilgan usul Fransiya tatamisini bir “qalqitgani”, Riner uchun ushbu bahs turnirdagi bellashuvlarning eng qiyini bo‘lgani, mahalliy muxlislarning olqishlarigina uni yaqqol mag‘lubiyatdan asrab qolgani jahon dzyudosida +100 kilogrammning yangi avlodi yetishib kelayotganini ko‘rsatmoqda.
“Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etgan turnirda Fransiya jamoasi 6 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan umum jamoada 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalli Yaponiya va 2 ta oltin medal sohibi bo‘lgan Germaniya vakillariga tegishli bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zolari Alisher Yusupov va Shaxram Ahadovning bronza medallari hisobiga O‘zbekiston terma jamoasi 111 ta davlat orasida 15-o‘rindan joy oldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA