Shu kunlarda suv sport turlari bo‘yicha Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilayotgan XXI jahon chempionati bahslarida 75 ta mamlakatning 2 ming 600 nafar sportchisi qatorida mamlakatimizning 6 nafar sportchisi ham sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Suv sport turlarining 6 ta yo‘nalishidagi bahslarda yurtimiz sportchilari suvga sakrash, sinxron suzish va suzish yo‘nalishlarida Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 5,6 million AQSH dollaridan iborat bo‘lgan jahon chempionatida 1-8-o‘rinlarni egallagan sportchilar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Kecha, 4 fevral kuni terma jamoamiz a’zolaridan Igor Myalin va Vyacheslav Kachanov 3m tramplindan sinxron sakrash dasturida ishtirok etdi va 310.62 natija bilan 21-o‘rinni egalladi.
Chempionatning 3m tramplindan sinxron sakrash dasturida Italiya, Ispaniya, Meksika, Ukraina terma jamoasi a’zolari “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi.
Cuvga sakrash dasturida terma jamoamiz a’zolaridan Vyacheslav Kachanov va Igor Myalin 6-7 fevral kunlari o‘tadigan bashlarda yana o‘z omadini sinab ko‘rsa, umidli sportchi qizimiz Ziyoda Toshxo‘jayeva 7-8 fevralda bo‘ladigan saralash va final bahsida medallar uchun kurashga kirishadi. Suzish musobaqalarida Ilya Sibirsev va Eldorbek Usmonov 11-14 va 16-17 fevral kungi musobaqalarda ishtirok etadi.
Bugun, 5 fevral kuni artistik suzish bo‘yicha sportchilarimiz Diana Onkes va Ziyoda Toshxo‘jayeva duet dasturida texnik chiqish yo‘nalishi finalida ishtirok etadi.
Ta’kidlash kerakki, jahon chempionati nizomiga muvofiq, musobaqaning sinxron suzish yo‘nalishida umumiy ballar yig‘indisiga ko‘ra 1-3 o‘rin, suvga sakrashning sinxron sakrash yo‘nalishida 1-4 o‘rin, yakkalikda 1-12 o‘rin, suv polosida 1-4 o‘rin sohiblari “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari chiptasiga ega chiqadi.
Jahon chempionati musobaqalari 18 fevralga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA