Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Strandja” xalqaro musobaqasida mamlakatimizning 19 nafar erkak va 4 nafar bokschi qizlari bellashuvlarda ishtirok etmoqda.
Ular orasida Parij-2024 Olimpiadasining yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov va Nigina O‘ktamova kabi tajribali charm qo‘lqop ustalari ham bor.
Kecha yetmish besh bor tashkil etilayotgan mazkur turnirning ilk saralash janglari o‘tkazildi. Ularda terma jamoamiz a’zolaridan 54 kilogrammda Hujanazar Nortojiyev, 60 kilogrammda Dilshod Abdumurodov va Abdumalik Halakov, 71 kilogrammda Iqboljon Holdorov, 80 kilogrammda A’loxon Abdullayev raqiblarini mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olishdi.
Kichik jahon chempionati nomi bilan tanilgan “Stranja” turnirida Armaniston, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Irlandiya, Tailand, Turkiya, Ukraina, O‘zbekistan kabi 30 ga yaqin davlatning 300 nafar bokschilari ishtirok etayotgan musobaqalar 11 fevralga qadar davom etadi.
O‘zbekistonlik hakamlardan Bekjon Yusupov, Rasul Tuleboyev va Valixon Anashovlar musboqalarni boshqarib borishda ishtirok etmoqda. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi “74-Strandja” turnirida mamlakatimiz bokschilari 7 oltin, 5 kumush va 6 bronza medali bilan umumjamoada 1-o‘rinnni egallagandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA