Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Senat devoni xodimlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputatlari, shuningdek, Xalq deputatlari Navoiy viloyati, tuman va shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari, deputatlari uchun “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi faoliyati samaradorligini oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Jamoliddin Hamroyev so‘zga chiqib, Kengash kotibiyati, doimiy komissiyalar va partiya guruhlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida deputatlik o‘rinlari soni 345 tani tashkil etib, uning 60 tasi viloyat Kengashi deputatlaridir. Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida 8 ta doimiy komissiya faoliyat olib bormoqda.

Seminarda ta’kidlanganidek, Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi tomonidan 2023 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari ijrosi bilan bog‘liq va boshqa turli mazmundagi masalalarga oid 21 marotaba sessiya o‘tkazilgan. Kengash muhokamasiga 136 ta masala kiritilib, ularning 14 tasi deputatlar, 44 tasi doimiy komissiyalar, 18 tasi partiya guruhlari tomonidan amalga oshirilgan.

Qolgan masalalar Kengash ish rejalari, Prezident va Hukumat hujjatlarida berilgan topshiriq va ko‘rsatmalardan iborat.

Deputatlar tomonidan 2023 yilda viloyat tashkilot, korxona va muassasalariga turli mazmundagi 117 marotaba deputatlik so‘rovi yuborilgan. Ularning 114 tasiga javob berilgan. 10 ta deputatlik so‘rovining yechimi Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritilgan.

Yakunlangan yilda deputatlar tomonidan joylarda va o‘z saylov okruglarida aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda 400 dan ortiq muammo aniqlangan va ularning 390 tasi ijobiy hal etilgan.

Bugungi kunda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shaharlar Kengashlari qarorlarini to‘liq elektron tarzda, ya’ni ye-qaror.gov.uz tizimi orqali rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, 2023 yilning sentyabr oyidan edo.ijro.uz elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tildi. O‘tgan yilning 1 dekabridan E-kengash platformasi ishga tushirilib, viloyat Kengashining navoiykengash.uz veb sayti tashkil etildi.

Seminarda Oliy Majlis Senati devonidagi Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazining Mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatiga uslubiy ko‘maklashish bo‘limi mudiri Abdurashid Altiyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sharapat Otemisov so‘zga chiqib, qonun ustuvorligini ta’minlash, hududlar manfaatiga doir muhim qarorlar qabul qilish, nazorat vositalaridan samarali foydalanish, mahalliy Kengashlar tomonidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish, bu borada deputatlar joylardagi aholi muammolarini hal etishda tashabbus ko‘rsatishi, muammolar yechimini qabul qilinadigan qarorlarda aks ettirib, ularning ijrosi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini amalga oshirishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashidagi Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi G‘ofir Aliyev, “Adolat” SDP viloyat Kengashi raisi Rustam Hayitov va boshqalar deputatlar tomonidan o‘rganilgan muammolar va Kengash sessiyalariga kiritilayotgan masalalar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.

Senator va deputatlar Navoiy davlat pedagogika institutida bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelib tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlar, ta’lim sohasidagi islohotlar, jumladan, qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan kvotalar haqida ma’lumot berilib, qoraqalpoq ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan badiiy chiqish namoyish etildi.

Mehmonlar tuman va shahar Kengashlari kotibiyatlarida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar, hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishmoqda.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari