Ertaga, 3 fevral kuni Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogining chorak final bosqichida Qatar va O‘zbekiston terma jamoalari ro‘baro‘ keladi.
Mazkur o‘yin o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari qatori qatarlik muxlislar va keng jamoatchilikning diqqat e’tiboridagi bahslardan biri sanaladi. Qatarning markaziy axborot agentligi “QNA” O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Srechko Katanets bilan uyushtirgan suhbatni va mamlakatimiz futbolchilari haqidagi tahliliy maqolani e’lon qildi.
Muloqot davomida terma jamoamiz bosh murabbiysi Qatar –O‘zbekiston qarama-qarshiligi ikkala jamoa uchun ham hal qiluvchi uchrashuv bo‘lishini ta’kidlagan.
Shuningdek, amaldagi Osiyo chempioni bo‘lgan Qatar terma jamoasining hozirgacha birorta ham o‘yinda mag‘lub bo‘lmagani, guruh bosqichida har ikki jamoaning deyarli bir xil natija qayd etganini ta’kidlagan.
Bosh murabbiy O‘zbekistonning chorak finalda Tailand ustidan qozonilgan g‘alabasi terma jamoaning har qanday kurashga tayyorligini ifoda etishini, jamoa qit’a kubogining keyingi bosqichiga chiqishga astoydil harakat qilishini, bu yo‘lda izlanishlar va texnik-taktik choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
O‘yin mobaynida muxlislarning katta qismi mezbonlarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan Katanets, bu borada O‘zbekiston futbolchilarining xalqaro tajribasi yuqoriligini, jamoa fanatlar bosimiga dosh bera olishini tegishli omillar asosida keltirib o‘tgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA