Prokuratura organlariga o‘tgan yilda 463 ming 626 murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 264 ming 504 tasi bevosita prokuratura organlarida hal etilgan.

Mazkur murojaatlarning 60 ming 534 tasi qanoatlantirilgan. 4 ming 212 tasi rad qilingan. 200 mingga yaqin murojaatga huquqiy tushuntirish berilgan, 164 mingdan ziyod murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yuborilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, murojaatlarning muddatida, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishini hamda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, murojaatlarni ko‘rib chiqish mobaynida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha noqonuniy hujjatlarga 674  protest keltirildi.

Qonunbuzilishlarni bartaraf etish haqida 210 taqdimnoma, 26,4 milliard so‘m zararni undirish haqida sudlarga 508 ariza kiritildi. 712 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 385 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 52 ming 408 nafar shaxsning buzilgan huquqlari prokurorlar tomonidan tiklandi.

Jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti veb-sayti, Ishonch telefoni, Virtual va Xalq qabulxonalari orqali yo‘llangan murojaatlar ko‘rib chiqilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalari orqali prokuratura organlariga kelib tushgan jami 159 ming 130 murojaatdan 143 mingdan ziyodi ko‘rib chiqilib, shundan qariyb 75 mingtasi qanoatlantirilgan. 66 ming 636 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan, 1,5 mingga yaqini rad qilingan, 340 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 4 ming 799 tasi tugatilgan.

Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi (1007 raqamli ishonch telefoni)ga ushbu davrda kelib tushgan murojaatlar soni 104 ming 354 tani tashkil etgan. Murojaatlarning 19 ming 637 tasi hal etilgan bo‘lib, shundan 2 mingdan ziyodi qanoatlantirilgan. 17 ming 312 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 192 tasi rad qilingan, 99 murojaat  ko‘rmasdan  qoldirilgan.

Tadbirkorlar virtual ofisidan kelib tushgan murojaatlar 1 ming 850 tani tashkil etib, ulardan 1 ming 405 tasi hal qilingan. 151 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 239 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va 15 tasi rad etilgan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning qabuliga, shu jumladan, ularni bevosita prokurorlar tomonidan joylarda qabul qilinishiga jiddiy e’tibor qaratilib, 360 ming 300 nafar shaxsning qabuli ta’minlandi.

Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan jami 869 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, murojaatlarning qonuniy hal qilinishi ta’minlangan.

N.Abduraimova, O‘zA