Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari takomillashtirildi.

Jumladan, Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani natijasida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi yangi norma joriy etildi.

Bu Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.

Majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2024 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Dastur ijrosi doirasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida 319 nafar xotin-qiz o‘qitilgani ta’kidlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida  262,2 ming nafar xotin-qizga 4,5 trillion so‘m miqdorida kredit ajratildi. Ishsiz va ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 27 mingdan ziyod xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish uchun 118,5 milliard so‘m subsidiyalar berildi. 250 mingdan ziyod xotin-qizlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘qitildi.

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan 2023 yilda o‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi va grant tanlovlarida 6,6 milliard so‘mlik 39 loyiha xotin-qizlar bandligini ta’minlash, erta nikoh va ajrimlarni kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ularga huquqiy, psixologik ko‘mak ko‘rsatish sohalariga ajratildi.

Muhokamalar jarayonida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi organlari faoliyati talab darajasida tashkil etilmagani tanqid qilindi.

“Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 99 nafar bitiruvchisi Milliy kadrlar zaxirasi ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bo‘lib, ularning atigi 10 foizi rahbarlik lavozimlariga tayinlangan.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2023 yilda xorijga ta’lim olish uchun yuborilgan yoshlar orasida xotin-qizlar ulushi 30,6 foizni tashkil etgan. Ammo doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha ayollarni jalb qilish ishlarini jadallashtirish zarurligi  ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish borasida ishlarni davom etish zarurligi belgilandi.

2024 yilgi dasturdan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish o‘rin olishi zarurligi qayd etildi. Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy salohiyatini oshirish, STEM (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Mathematics – matematika) yo‘nalishlaridagi fanlarga xotin-qizlar ulushini oshirish, ularning ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ayollarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, davlat xizmatidagi xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy salohiyatini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA