Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari Jonatan Xenik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida Xenik MOXI rahbariyati bilan ilk bor uchrashayotganini ta’kidladi. Diplomat institutning ilmiy-tadqiqot faoliyati, 2024 yilga mo‘ljallangan xalqaro tadbirlar jadvali bilan tanishdi.

Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va istiqbolini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni, “S5+1” formati doirasida Markaziy Osiyodagi jarayonni muhokama qildilar.

O‘tgan yil Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan “S5+1” davlat rahbarlarining birinchi tarixiy sammiti yakunlari alohida qayd etildi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu platforma o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan barqaror sheriklikka zamin yaratadi.

Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiyotni kuchaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va butun mintaqada tinchlikni mustahkamlashga sodiqligi e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida Xenik ikki mamlakatning “aql” markazlari darajasida o‘zaro munosabat o‘rnatish zarurligini ta’kidladi, AQSHning yetakchi tahliliy muassasalari, jumladan Atlantika kengashi, Tinchlik instituti, Kaspiy siyosati markazi va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA