Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.
Unga muvofiq, IT-park xududida raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan maxsus hudud sifatida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (International Digital Technology Center – “ENTERPRISE UZBEKISTAN”) tashkil etiladi.
2024 yil 1 iyundan boshlab 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markazda xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.
Markaz hududida quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejim joriy etiladi:
raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalar, xizmatlar va biznes mahsulotlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “tartibga solish qumdoni”ni joriy etish;
bojxona va soliqqa tortish;
mehnat munosabatlari;
moliya va bank faoliyati;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish;
intellektual mulkni himoya qilish;
tijorat va fuqarolik nizolarini ko‘rib chiqish.
Raqamli texnologiyalar vazirligi maxsus huquqiy rejimni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga Markaz hududida xorijiy IT kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejimni joriy qilish maqsadida quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi:
raqamli texnologiyalar sohasida tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan qulay sharoitlar yaratish orqali mamlakatda raqamli iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari, shuningdek, boshqa korxonalar va tashkilotlar uchun konsalting, huquqiy, moliyaviy va boshqa xizmatlarni rivojlantirish;
korxona va tashkilotlarning raqamli texnologiyalari hamda xizmatlari eksportini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning tashqi bozorlardagi faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashish;
Markaz hududida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish.
O‘zA