Ai-80 markali benzindan uzil-kesil voz kechiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Odil Temirovning ma’lum qilishicha, 3 yildan beri AI-80 benzinidan butunlay voz kechish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
—Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bir kator masalalar ko‘rib chiqildi, — deydi “O‘zbekneftigaz” AJ boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari Odil Temirov. – Jumladan, AI-80 markali benzindan butunlay voz kechish masalasi ko‘rildi va topshiriqlar berildi. Bu yo‘nalish bo‘yicha 3 yildan beri ish olib boryapmiz. Xitoy neft korporatsiyasi bilan bo‘lgan uchrashuvda ham bu masala bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ayni paytda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ham Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda modernizatsiya ishlari boshlangan. Ayni vaqtda AI-80 markali benzindan atro-muhitga zararli gazlar tarqalmoqda.
Bugungi kunda yevro 5-6 talablari bo‘yicha butun dunyoda ekologik talab yuqori bo‘lgani uchun 92 va undan yuqori benzinga o‘tilgan. Davlatimiz rahbari bizga topshiriqlarini berdilar. Buni ham bosqichma-bosqich 2025 yilda amalga oshirish uchun barcha choralar ko‘riladi. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 yil ichida AI-80 benzinidan foydalanishni to‘xtatsak, bu butun respublika bo‘ylab atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqindilarini 17 ming tonnaga kamaytirishga olib keladi. Shunday qilib, bu nafaqat uskunaning ishlash muddatini uzaytiradi, balki atrof-muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, kecha Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Abdulla Aripovga 2025 yildan boshlab, AI-80 benzinidan voz kechish masalasi ustida ishlash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ushbu chora-tadbirlar atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish zarurati bilan bog‘liq.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA