Nukus harbiy prokuraturasi, Nukus harbiy sudi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik asoslari” mavzusida profilaktik suhbat bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Nukus harbiy prokurori, adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdirahimov, Nukus harbiy sudi raisi Purxaniddin Akimniyazov, Nukus shahridagi “Salmen eshon” jome masjidi imom xatibi I.Kopabayev hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etib, garnizondagi harbiy xizmatchilarga dunyo bo‘yicha tez rivojlanayotgan hamda ko‘pchilikka moddiy zarar yetkazib kelayotgan qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning salbiy oqibatlari, ularni o‘ynagan shaxslarga qonunchilikda belgilangan jazo haqida batafsil ma’lumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin – bu o‘yin tashkilotchisi tomonidan bir yo undan ortiq ishtirokchi bilan tasodifga yoki o‘yin ishtirokchisining qobiliyati, epchilligi va boshqa sifatlariga bog‘liq yutuq to‘g‘risida tuzilgan, tavakkalchilikka asoslangan kelishuvga muvofiq amalga oshadigan jarayondir.

Achinarlisi, bugungi kunda internetda milliy urf-odatlarimizga yot bo‘lgan qimor o‘yinlarini yoqtiradiganlar safi kengayib, turli onlayn totalizator o‘yinlar paydo bo‘lmoqda.

Xavotirlisi, o‘rta yoshdagilar ham bunday o‘yinlarda ko‘p miqdordagi pul mablag‘ini tikib, yutuq evaziga  pullarini firibgarlarning qo‘liga o‘z xohishi bilan taqdim etmoqda. Qarzga yoki bankdan olingan kredit pullarini yutqazgandan keyin ularni to‘lash uchun o‘g‘rilik va boshqa turdagi og‘ir jinoyatlarni sodir etish holati barchamizni ogohlik va hushyorlikka chorlaydi.

Soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bunday o‘yinlar insonda qaramlik va psixologik kasalliklarni vujudga keltirib, uni mo‘may daromad ilinjida yana va yana o‘ynashga, buning uchun pul mablag‘larini turli yo‘llar bilan qidirib topishga chorlaydi.

Suhbat davomida huquqni muhofaza etuvchi organlar xodimlari harbiy xizmatchilarni ana shunday firibgarliklardan ogoh bo‘lishga, farzandlariga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi.

Tadbir ishtirokchilari mavzu bo‘yicha berilgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri