Ispaniyaning La-Nusiya shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Boxam-2024” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar charm qo‘lqop ustasi ringga ko‘tarildi.
Unda vazni -63,5 kg bo‘lgan Mujibillo Tursunov ruminiyalik Jitaru Robertga qarshi jang o‘tkazdi va yakunda 5:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu vazn toifasidagi ikkinchi bokschimiz Ruslan Abdullayev polshalik Roskovicz Bartlomiyej ustidan hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozondi. 71 kilogrammgacha vaznda esa Havasbek Asadullayev filippinlik Chavez Ronaldni, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev mezbonlar vakili Martinez Serxioni taslim qildi.
Og‘ir vazndagi bellashuvlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Lazizbek Mullajonov meksikalik Romero Rogelioga qarshi jang o‘tkazdi va unga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan g‘olib bo‘ldi. Vazni 92 kilogrammgacha bo‘lgan Shohjahon Abdullayev polshalik Berenznicki Mateusz bilan raqobatlashdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bahsda vakilimiz murabbiylarning to‘g‘ri ko‘rsatmalaridan foydalangan holda g‘alabaga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, “Boxam-2024” xalqaro turniri 3 fevral kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA