Leonid Marinich: O‘zbekiston va Belarus oldida “yangi imkoniyatlar eshigi” ochilmoqda

215

30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Belarus strategik tadqiqotlar instituti  hamkorligida “O‘zbekiston va Belarus hamkorligi – yangi ufq va istiqbol” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqan Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanish sur’atini yuqori baholadi.

L.Marinich Toshkent va Minsk barcha masalalar bo‘yicha ochiq, teng huquqli muloqotni qo‘llab-quvvatlashi, ikki mamlakat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy baza 70 dan ortiq hujjatni o‘z ichiga olganini mamnuniyat bilan  qayd etdi.

Elchi eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha sheriklik, ayniqsa, so‘nggi olti yilda jadal rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday faollashuv ko‘p jihatdan O‘zbekiston va Belarus davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan iliq, ishonchli munosabat tufaylidir. Ikki yetakchining o‘tgan yillar mobaynida oliy darajada tashkil etilgan turli uchrashuvlari tomonlarning mavjud hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga qiziqishi, intilishni ko‘rsatdi.

Birgalikdagi sa’y harakat samarasi o‘laroq, 2023 yil yakunida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash  hajmi 11,5 foiz oshib, 600 million dollarni tashkil etdi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat iqtisodiyoti, deyarli, raqobatlashmasligi va bir-birini sezilarli darajada to‘ldirishi mumkinligini hisobga olganda, bu ko‘rsatkichni hali oshirish mumkin.

L.Marinich agrosanoat tarmog‘i, mashinasozlik, oziq-ovqat, farmatsevtika va yengil sanoat sohalarini ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirayotgani ta’kidlandi.

Birinchidan, kooperatsiya aloqasi izchil kengaymoqda. Shu maqsadda texnika vositalarini yig‘ish, sut mahsulotlari, antibiotik va dori-darmon, poyabzal ishlab chiqarish, to‘qimachilik mahsulotlari tikish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan va muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikkinchidan, L.Marinich qayd etishicha, ishbilarmonlik muloqotining yangi formatlari joriy qilingan. Mavjud salohiyatni yuzaga chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan Belarus – O‘zbekiston Agrar, Hududlar, Ayollar forumlari, Ishbilarmonlik kengashi, yig‘ilishi shular  jumlasidan.

Uchinchidan,  dedi elchi, hududlararo aloqani rivojlantirish faol tarzda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Belarus hududlari O‘zbekistonni hududiy rivojlantirish dasturlarida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda, ikki mamlakatda mavjud erkin iqtisodiy zonalar esa qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va rivojalntirish uchun samarali maydoncha bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan joriy yil 6-7 fevral kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hududlar forumi sheriklikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishi mumkinligi bildirildi.

“O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish uchun zaxira aynan shu yerda”,  dedi elchi.

L.Marinich, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar almashinuv izchil kechayotganiga e’tibor qaratdi. Bu ta’lim, ilm-fan, salomatlik, turizm sohalariga taalluqli.

O‘zbekiston va Belarus xalqaro maydonda ham amaliy hamkorlik qilib kelmoqda. Belarusning SHHTda doimiy a’zo maqomini olish istagi   O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvatlanayotgani buning yaqqol isbotidir.

“Bugun O‘zbekiston Belarus uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim strategik hamkor”,  dedi L.Marinich.

O‘zA