Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ishlari ketayotgan shu kunlarda yurtimizga turli davlatlarning sport delegatsiyalari tashrif buyurmoqda.
Hozirgacha Tailand, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Indoneziya kabi bir qator mamlakat terma jamoalari, musobaqalarni boshqarib borishda ishtirok etadigan hakamlar, texnik komissiya vakillari Toshkentga yetib keldi.
Bugun va ertaga kun davomida qit’a chempionatida qatnashadigan boshqa terma jamoalar, shuningdek xalqaro ekspertlar guruhlari, Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari Toshkentga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov olib borgan yig‘ilishda xorijiy davlat sport delegatsiyalarini munosib kutib olish, musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, chempionat ishtirokchilariga zarur shart-sharoitlarni yaratish, musobaqalar o‘tadigan sport majmuasini xalqaro andozalar asosida tartibga keltirish, ishtirokchilarga tezkor tibbiy xizmatni doimiy yo‘lga qo‘yish, belgilangan manzillarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tegishli tashkilot mutasaddilariga, mas’ul ijrochilarga chempionatni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi bayonida ko‘rsatib o‘tilgan topshiriqlar yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-10 fevral kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tadigan qit’a chempionatida 34 ta mamlakatning 239 nafar og‘ir atletikachisi g‘oliblik va “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA