Prokurorlarning sudlarga kiritgan protestlari qanday natija ko‘rsatdi?

321

Bosh prokuratura tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, iqtisodiy sudlarning birinchi instansiyasida o‘tgan yili 269 ming 630 ta ish ko‘rilgan, ularning 11 mingga yaqinida prokurorlar qatnashgan.

Prokurorlar sudlarga jami 1,1 trillion so‘mlik 12 ming 285  da’vo arizasi kiritgan. Ushbu da’volarning 11 ming 56 tasi qanoatlantirilgan.

Yuqori bosqich sudlarida 9 ming 608 ish qayta ko‘rilgan. Ularning 2 ming 467 tasi bekor qilingan yo o‘zgartirilgan, 217 tasi prokuror protesti asosida qonunga muvofiqlashtirilgan.

Iqtisodiy sudlarda soliq qarzini undirish va moliyaviy jarima qo‘llash haqidagi arizalarning ko‘rib chiqilishi o‘rganildi. Unda sudlarning 56 ta qarori prokuror protesti asosida qonunga moslashtirildi. Shu bilan birga, 34,5 milliard so‘mlik soliq va jarimalar davlat byudjetiga undirilishi ta’minlandi. Prokuratura tashabbusi bilan sudlarga 160 milliard so‘mlik 470  da’vo arizasi kiritildi.

Qonunbuzilishi yuzasidan bir jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 3 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi. Qonunbuzilishining sabablarini bartaraf etish to‘g‘risida 14  taqdimnoma kiritildi.

Iqtisodiy sudlarda noqonuniy qurilmalarni buzish va yerlarni qaytarish haqidagi arizalarning ko‘rib chiqilishi o‘rganilib, sudlarning 33 ta qarori prokuror protesti asosida qonunga muvofiqlashtirildi. 540,5 gektar yer davlat zaxirasiga qaytarildi. 4 ming 617 gektar yerni qaytarish bo‘yicha sudlarga 361  da’vo arizasi kiritildi. Qonunbuzilishi yuzasidan 8 kishi ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi.

Iqtisodiy sudlarda energiya resurslari bo‘yicha qarzlarni undirish yuzasidan noto‘g‘ri chiqarilgan 21 qaror prokuror protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirildi. 93,9 milliard  so‘m qarzlarning undirilishi ta’minlandi.

Mazkur yo‘nalishda prokuratura tashabbusi bilan sudlarga 122,3 milliard so‘mlik 1 ming 646 da’vo arizasi kiritildi. Qonunbuzilishi yuzasidan 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 29 nafar shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi.

Bosh prokuratura o‘tgan yili Oliy sud plenumining qarori loyihalariga sud amaliyotidagi muammolardan kelib chiqib 35 taklif bergan. Shu bilan birga, Iqtisodiy protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

N.Abduraimova, O‘zA