Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jangovar yakkakurash sport turlari orasida aralash jang san’ati (MMA) yoshlarimiz orasida jadal ommalashmoqda. O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi tomonidan ushbu sport turini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish va nufuzli musobaqalarni tashkil etish borasida bir qator samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, assotsiatsiya mamlakatimizning turli hududida MMA sport turi bo‘yicha ko‘plab mahalliy va xalqaro musobaqalarni tashkil etdi. Buning natijasida esa ko‘plab iqtidorli yoshlar saralandi va dunyo miqyosidagi musobaqalarda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilib kelmoqda.

Xabaringiz bor, hozirda Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi (IMMAF) havaskor MMA dunyosining boshqaruv tashkiloti bo‘lib, unga dunyoning 123 ta davlati a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi ham ushbu mamlakatlar qatorida ekani quvonchli. Bugungi kunda mazkur ikki tashkilot o‘zaro yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning samarasida joriy yil O‘zbekistonda ilk bor aralash jang san’atlarining havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

Bo‘lajak jahon chempionatini Toshkentda tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida kuni kecha Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi (IMMAF) prezidenti Kerrit Braun, Bosh ijrochi direktori Densin Uayt hamda tashkilotning Osiyo qit’asi direktori Vissam Abi Nader yurtimizga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida xalqaro tashkilot rahbariyati yurtimizdagi zamonaviy sport ob’ektlari, infratuzilmalar bilan yaqindan tanishdi va rejalashtirilayotgan jahon chempionatining tashkiliy masalalari bo‘yicha O‘zbekiston sport vaziri A.Ikromov bilan ham uchrashdi.

Tashrif doirasida OAV xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamda O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, shuningdek yuqorida sanab o‘tilgan martabali mehmonlar ishtirok etdi.

Unda mamlakatimizda har qanday musobaqalar yuqori saviyada tashkil etilishi, o‘tkazilgan bir qator musobaqalar dunyo hamjamiyati tomonidan yuqori baholangani va musobaqa davomida sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgani inobatga olinib, MMA rahbariyati joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda ilk bor aralash jang san’atlarining havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionati tashkil etilishini rasman e’lon qildi.

Matbuot anjumani davomida xalqaro tashkilot rahbarlari OAV xodimlari hamda sportchilar tomonidan berilgan savollarga aniq va batafsil javob berdi.

Ma’lumot uchun, MMA bo‘yicha jahon chempionati Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor o‘tkazilmoqda va O‘zbekiston bu borada birinchi bo‘ldi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA